- Barqaror rivojlanish maqsadlari
- Xalqaro hamkorlik
- Kitoblar
- Yo'nalishlar
- Ichki tartib-qoidalar
- Iqtisodiyot va axborot texnologiyalari fakulteti
- Vakant lavozimlar
- Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakultet
- Struktura
- Tibbiyot fakultet
- Non Discrimination Statement
- Professor O'qituvchilar
- Iqtidorli talabalar
- University Mission
- TISU xorijiy tillarni o'qitish markazi
- Talabalarga
Zarina taekvondo toʻgaragiga qatnay boshlaganida 7 yoshda edi. Boshida otasi qiz bolaga toʻgʻri kelmaydi deb qarshilik koʻrsatganda ham Zarina qat’iy turib oldi. Maktabdosh qizning taekvondo sport turidan musobaqada oltin medal taqib kelganini koʻrib, uning qalbida sportga chin ishtiyoq uygʻongandi.
— Birinchi murabbiyim Umid Imomnazarov boʻlgan va ilk saboqlarni shu kishidan oʻrgandim, — deydi jismoniy madaniyat yoʻnalishi 3-bosqich (sirtqi) talabasi Zarina Normurodova. — Sekin-asta musobaqalarga chiqa boshladim. Yutuqlarimdan esa otam sevinardi. Hozir esa ular meni doim bitta yoʻlni tutdimmi, shundan ogʻishmay ketishga undaydi.
Zarina Normurodova uzoq yillik mehnat, tinimsiz mashgʻulotlarda ustozi Farhod Poʻlatovdan taekvon-do sirlarini puxta oʻrgandi, mashqlarda pishdi. Uning bu sa’y-harakatlari boʻy koʻrsata boshladi. 2023-yilda Zarina Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida sportning taekvondo ITF turi bo‘yicha +77 kg vazn toifasida kumush medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2024-yil noyabr oyida boʻlgan Jahon chempionatida yakka bahslarda oltin medal, jamoaviy bahslarda bronza medal sohibasiga aylandi.
— Ochigʻi Jahon chempionatida gʻolib boʻlishimni kutmagandim, — deydi Zarina Normurodova. — 61 ta davlat ishtirokchilari orasida gʻolib boʻlish oson emas. Biroq, yillarki chekilgan zahmatlar, ota-onam va ustozlarimning duosi bilan nihoyat Jahon chempioni degan nomga sazovor boʻldim. Ayniqsa, universitet tomonidan mening erishgan bu yutugʻim alohida taqdirlangani quvonchimni yana oshirdi. Xususan, oliygohimiz ta’sischisi Jamshid Pardayevning oʻzlari tabriklab, tashakkurnoma va 15 million soʻmlik pul mukofoti bilan taqdirlagani menga yanada kuch berdi.
Zarina bilan suhbatlashar ekanman, uning teran fikrlash tarzi, ilmga chanqoqligi, mehnatsevarligi e’tiborimni tortdi. 22 yoshli talaba-qiz bugun anchayin mustaqil. Mehnatsevarlik insonga zeb beradi deyishgani rost. U hozirda Termiz tumanidagi 24-maktabgacha ta’lim tashkilotida trenerlik faoliyatini olib borish bilan birga, tikish-bichishni ham oʻrniga qoʻyadi. Buyurtmalar asosida hunari yordamida qoʻshimcha daromad topadi.
— Shartnoma pulim va xarajatlarimni oʻzim ishlab topishga harakat
qilaman. Eng muhimi, bundan uyalmayman. Sport meni irodali va mustaqil boʻlishga oʻrgatdi. Orzuim esa harbiy sohada ishlash. Ota-onam harakatchanligimni qadrlaydi va har doim qarorlarimni hurmat qilgan holda ham ruhan, ham ma’nan qoʻllab-quvvatlaydi.
Xalqda “Irmoqning quvvati — manbaida” degan maqol bor. Farzandning uddaburon bo‘lib, yutuqlarga erishishi ota-onasi va jamiyatning bergan ta’lim tarbiyasiga bevosita bog‘liqdir. Bugun universitetimizda Zarina singari shijoatli, maqsadi aniq yoshlarning borligi esa barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlashdi.
Feruza RAHMONQULOVA