Termiz iqtisodiyot va servis universitetining bir guruh delegatsiyasi ayni kunlarda Turkiyada safarda bo‘lib, u yerdagi bir nechta nufuzli universitetlar bilan hamkorlik o‘rnatish maqsadida muzokaralar olib borishmoqda. Dastlab, vakillarimiz Аnqara shahridagi Hacettepe universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha muzokara olib borishdi. Muzokalar davomida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, professor o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari hamda qo‘shma dasturlar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha hamkorlik kelishuvlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, universitetimizda hamkorlik doirasida til markazi tashkil etish bo‘yicha ham kelishib olindi.
Hacettepe universiteti 1967-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 14 ta fakultet faoliyat yuritmoqda. Mazkur oliygohda ayni paytda 53 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Xalqaro reyting tashkilotlarining maʼlumotlariga ko‘ra, dunyoning top-600 universitetlar ro‘yxatiga kiritilgan. Xususan, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha Turkiyadagi eng kuchli 3 ta universitetlardan biri sanalsa, tabiiy fanlar va tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha esa dunyoda 278-o‘rinda turadi. Texnik taʼminlanganligi, talabalarining qobiliyat va yangiliklar yaratish borasidagi yutuqlari olib qaralganda, mamlakatning yetakchi taʼlim muassasalaridan biridir.
Muzokaralar yakunida almashinuv doirasida oliygohimizdagi pedagogika, tibbiyot hamda iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar mazkur universitetda o‘qishlari (1-2 semestr), o‘qituvchilarning malaka oshirishlari hamda hamkorlikda ilmiy tadqiqot loyihalarida ishtirok etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.