Termiz iqtisodiyot va servis universitetida magistratura mutaxassisligi bo'yicha tahsil olgan ilk bitiruvchi talabalar uchun diplom topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Universitet hovlisida tashkil etilgan tadbir tantanali ko'rinishda bezatilib, unda bitiruvchi talabalar, professor-o'qituvchilar hamda faxriy mehmonlar ham ishtirok etishdi.
Dastlab, bitiruvchi yoshlarning davra markaziga chiqib kelishi bilan boshlangan tadbirda oliy taʼlim tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan mehmonlar so'zga chiqib, universitetning mavjud yutuqlarini eʼtirof etishdi. Bitiruvchi yoshlarga o'z kasbining ustasi sifatida jamiyat rivojiga, Vatan ravnaqiga xizmat qilishlarida muvaffaqiyatlar tilashdi.
So'ngra, bitiruvchi yoshlarga magistrlik diplomlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir chinakam bayramga ulashdi. Oqshomda bir nechta estrada yulduzlari ishtirokida konsert uyushtirildi. Bu kun nafaqat bitiruvchilar, balki universitet jamoasi uchun ham quvonchli kun sifatida tarixga muhrlandi.