Termiz shahrida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etmoqda. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Prezident viloyat faollarining bildirgan fikrlari asosida Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Qosimov Ulug‘bek Berdiqobilovich nomzodini tavsiya etdi. Nomzodning viloyatda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish, qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirish, ijtimoiy sohadagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalari eshitildi va muhokama qilindi. So‘ng Surxondaryo viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi. Prezident sessiyada bildirilgan reja va takliflardan kelib chiqib, yangi hokim va mutasaddilar oldida viloyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha turgan vazifalarni belgilab berdi.