Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Ilmiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari, prorektorlar, boʻlim boshliqlari, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari hamda taklif etilgan professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Kengashni universitet rektori A.Sattarov kirish so‘zi bilan ochib, universitetimizda olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng t.f.n., dots. F.Yormatov mamlakatimizda ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar hamda yurtimizdagi so‘nggi siyosiy yangiliklar mazmun-mohiyati haqida yig‘ilish qatnashchilariga ma’lumot berdi.
Kengashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning ijrosini ta’minlash yuzasidan fakultetlarda amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, talabalar orasida ijtimoiy - ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar hamda xususiy xonadon va ijarada yashayotgan talabalarning yashash sharoitlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarining 2022-2023-o‘quv yilidagi ilmiy-tadqiqot ishlari yakuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan birinchi ilmiy-amaliy konferensiya tahlillari bo'yicha hisobot berildi. Universitet professor-o‘qituvchilaridan dotsent ilmiy unvoni, kafedra dotsenti vazifasini bajaruvchi lavozimlariga tavsiya etish masalasi ko‘rilib, tayyorlangan o‘quv qo‘llanma, monografiyalar, risolalar hamda tadqiqotchilarning falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya mavzulari tasdiqlandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi turli masalalar yuzasidan tegishli mas’ullarga rahbariyat tomonidan qo‘shimcha topshiriqlar berildi.