Termiz iqtisodiyot va servis universiteti ta’sischisi, tadbirkor Jamshid Pardayev o‘zi o‘qigan Oltinsoy tumanining “Navro‘z” mahallasi, Qaymoqli qishlog‘idagi maktab uchun yangi o‘quv binosi qurishni boshladi.
Shu munosabat bilan umumiy qiymati 11,7 mlrd so‘m bo‘lgan, 2 qavatli, 500 o‘rinli maktab binosiga bugun tamal toshi qo‘yildi.
Maktab binosi loyihasida barcha talablarga javob beradigan o‘quv, laboratoriya va kompyuter sinf xonalari, kutubxona, 200 o‘rinli majlislar zali, usti yopiq sport zali, sun’iy qoplamali stadion hamda o‘quvchilar uchun oshxona o‘rin olgan.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, xayrli tashabbus uchun tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Xayrli ish oldidan jonliq so‘yilib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va ezgu niyatlar bilan boshlangan ishlar rivojini so‘rab duoga qo‘l ochildi.