Talabalar amaliyotda

Talabalar amaliyotda

  • 16.10.2023
  • 321
Blog Image

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Tibbiyot fakulteti 2-kurs talabalari ayni paytda o‘quv jarayonlari bilan birgalikda, amaliy mashg‘ulotlarda ham ishtirok etishmoqda. Mashg‘ulotlar asosan, Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filiali, viloyat tibbiyot birlashmasi, Termiz shahridagi 3-oilaviy hamda bolalar stomatologiya poliklinikalarida olib borilayotir.
—  Tez tibbiy yordam markazi viloyat filialida ustozimiz Boboqul Xudoyqulovning ko‘magi bilan jarrohlik operatsiyalarini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldik, — deydi davolash ishi yo‘nalishi 2-kurs talabasi Shermuhammad Аbdukarimov. — Shuningdek, operatsiyaga kirishdan oldin bemorni tayyorlash, dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, operatsiyadan keyingi muolajalar, ovqatlanish tartibi kabi holatlar haqida ham kerakli maʼlumotlarga ega bo‘ldik. Аyniqsa, jarrohlik amaliyoti jarayoni juda qiziqarli o‘tmoqda. 
—  Viloyat tibbiyot birlashmasi bilan universitetimiz o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan, — deydi Tibbiyot fakulteti dekani, texnika fanlari falsafa doktori, dotsent Bekzod Bobomurodov. — Birinchi semestr yakunida talabalarimizga amaliyot o‘tash uchun alohida soatlar ajratiladi. Ular viloyat markazida, qolaversa, tumanlardagi tibbiyot birlashmalari, poliklinikalarga amaliyot o‘tash uchun biriktiriladi. Shu tariqa talabalar u yerda faoliyat yuritayotgan shifokor-mutaxassislarning tajribalarini o‘rganib qaytishadi.

Imomali QUDRATOV