“Alisher Navoiy ensiklopediyasi” yaratildi

“Alisher Navoiy ensiklopediyasi” yaratildi

  • 08.02.2025
  • 168
Blog Image

Аlisher Navoiy biz uchun buyuk adabiy daho, axloqiy namuna, komillik timsoli, ezguliklar ramzigina emas, faoliyatimizning barcha jabhalarida ko‘z quloq bo‘lib turishga chorlagan vijdonning ogohlantiruvchi qo‘ng‘irog‘i hamdir.

 

Mana qariyb besh yuz yildan ortiq vaqt mobaynida Nizomiddin Mir Аlisher Navoiy shoh asarlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan holda asrlar silsilasida eʼzoz topib, yashab kelmoqda. Bu abadiyatning bosh siri — Navoiy asarlarida kuylangan umumbashariy o‘lmas va qarimas g‘oyalar: insonparvarlik, axloqlilik, komil insonni kamol toptirish maqsadi hisoblanadi. Insonparvarlik — insonni irqi, millati, jinsi va yoshidan qatʼiy nazar hurmat qilish, o‘zgalarni baxtiyor etishda o‘z baxtini ko‘rishdir. Hazrat Navoiy shu ezgu g‘oyalarni qatʼiy maqsad qilib olgan va maqsadiga erishgan ham! Bizlar ushbu ezgu maqsadli g‘oyalarni davom ettiruvchi Navoiy vorislarimiz!

 

2020–2021 yillar davomida davlatimiz rahbari tomonidan Аlisher Navoiyning qo‘lyozma manbalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish ishlarini amalga oshirish vazifasi topshirilgan edi. Ushbu vazifa juda murakkab ish bo‘lib, uni amalga oshirish keng miqyosdagi matnshunoslik va manbashunoslik ishlari olib borilishini taqozo qiladi. Аytish lozimki, bu borada qator izlanishlar olib borilishiga qaramay, mukammal ilmiy nashr darajasiga chiqa olmadi. Nihoyat, to‘rt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” yaratildi. Ushbu ilmiy nashr Prezidentimizning 2020-yil 19-oktabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Аlisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4865-son qaroriga asosan chop etildi.

 

Mazkur ensiklopediyada 2505 taga yaqin qomusiy xarakterdagi maqolalar o‘rin olgan bo‘lib, jami 2050 sahifali kitobda dunyo yuzini ko‘rdi. Har bir jild 1000 nusxadan umumiy hisobda 4000 nusxada chop etildi. O‘tgan 4 yil mobaynida 4 jildli “Аlisher Navoiy ensiklopediyasi”ni (1-jild 536 bet, 620 ta, 2-jild, 658 ta, 3-jild 649 ta, 4-jild 578 ta maqolalarni o‘zida mujassam etgan) tahrir qilish va chop etish masalalarida filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Аsadov, filologiya fanlari doktori Qodirjon Ergashev, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Sayfiddin Rafiddinov, yetakchi ilmiy xodim Burobiya Rajabova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim Zulayho Rahmonovalar faol qatnashdilar. Quvonarlisi, mazkur jamoa orasida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shaxnoza Norqulovaning ham borligi oliygoh jamoasi uchun faxr-iftixordir.

 

Binobarin, Аlisher Navoiy ensiklopediyasi nafaqat Navoiy vorislari uchun balkim, o‘zbek xalqi uchun, millat uchun, turkiy xalqlar uchun munosib tuhfa bo‘ldi.

 

Feruza Rahmonqulova,

Matbuot xizmati bo‘limi rahbari